Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi diniy idoralarda moliyaviy kamomad kuzatilgani va mablag‘lar o‘zlashtirilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Musulmonlar idorasi ushbu xabarda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bir qator iddaolar qilinganligini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z Ustav talablariga ko‘ra, tashkiliy-huquqiy jihatdan nodavlat notijorat tashkilot bo‘lib, hech qanday tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanmaydi. Diniy idoraning sarf-xarajatlari masjidlar, ziyoratgohlar va turli xayriya ishlaridan tushgan ehsonlar hisobidan qoplanadi.
Mazkur yig‘ilgan mablag‘lar tasdiqlangan smeta asosida sarflanadi va moliyaviy aylanmalar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy Hay’ati, Taftish komissiyasi, adliya organlari va soliq idoralari tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi. Xususan, 2024 yilning 1-12 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mutaxassislari, soliq idoralari xodimlari tomonidan Diniy idorada qonunchilik hujjatlari bajarilishi va moliyaviy faoliyatlarning qonuniyligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganishlar yakuni bo‘yicha Adliya vazirligining taqdimnomasida Diniy idorada moliyaviy kamomad va noqonuniy xatti-harakatlar mavjud emasligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, Taftish komissiyasi O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2021-2024 yillardagi moliyaviy faoliyatini batafsil tekshirib, mazkur jarayonlar amaldagi qonunchilikka muvofiq ekani to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy Hay’atiga hisobot bergan.