Toshkent shahrida joriy yilning 15 yanvar kunidan 15 fevral kuniga qadar olib borilgan “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” kompleks maxsus tezkor-profilaktik tadbirlarida 1 ta jangovar, 21 ta pnevmatik qurol va 7 ta o‘qotar ov miltig‘i hamda 14 dona o‘q-dorilar noqonuniy muomaladan olindi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Tashkil etilgan maxsus guruhlar tomonidan jami 801 ta giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Ular bo‘yicha 567 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 158 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, 76 ta holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida jami 21 kilogramm 818 gramm giyohvandlik vositalari, 28 ming 790 ta kuchli ta’sir qiluvchi, 26 kilogramm “pregabalin” dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Giyohvandlik vositalarini yashirish usuli orqali tarqatuvchilar bilan bog‘liq 34 ta holat aniqlanib, uning natijasida 9 kilogramm 538 gramm noqonuniy giyohvandlik moddalari hamda 3689 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasi to‘xtatib qolindi.
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning savdosi bilan shug‘ullanuvchi internet do‘konlari, ularning administrator va operatorlarini aniqlash, faoliyatiga chek qo‘yish borasida tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi. Bunday internet do‘konlarning reklamasi aks etgan jami 1323 ta “narkograffiti”lar aniqlanib, bartaraf qilindi.
Giyohvand moddalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalariga ruju qo‘ygan 501 nafar shaxs maxsus tibbiyot muassasalariga davolanishga yotqizildi.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jami 488 ta jinoyatlar “issiq izidan” fosh etildi, 160 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi, 45 nafar bedarak yo‘qolganlar aniqlanib yaqinlariga qaytarildi.
O‘tkir tig‘li buyumlarni qonunga xilof ravishda olib yurgan 2181 nafar fuqaro aniqlanib, tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Tezkor tadbirlar davomida 1 ta jangovar (PM), 21 ta pnevmatik qurol va 7 ta o‘qotar ov miltig‘i hamda 14 dona o‘q-dorilar noqonuniy muomaladan olindi. Har bir holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq 102 ming 404 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Shundan, qo‘pol qoidabuzarliklar 9807 ta, mast holda avtomashina boshqarish 366 ta, svetofor ishoralariga amal qilmaslik 83 tani tashkil qilmoqda.