AsosiyJamiyat

Rossiyada o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun yangi bozor ochildi

Umumiy maydoni salkam 130 ming kv. metrga teng savdo bozorida 30 ga yaqin muzlatgich, vaqtinchalik saqlash omborlari, ref-konteynerlar, tadbirkorlar uchun mehmonxona va oshxona mavjud.

'Rossiyada o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun yangi bozor ochildi'ning rasmi

Ayni paytda Farg‘ona viloyatining qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari dunyoning 50 dan ziyod mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Aynan meva-sabzavotlar eksporti borasida Farg‘ona viloyati mamlakatimizda yetakchi hududlar sirasiga kiradi. Xususan, mazkur yo‘nalishda Rossiya, MDH davlatlari salmoqli ulushga ega bo‘lib, keyingi yillarda hamkorlik ko‘lami va miqyosini yanada kengaytirib borish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Shu kunlarda Rossiyaning Novosibirsk shahrida "Aziya-Sibir" savdo majmuasi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Bu mamlakatimiz, shu bilan birga hududlar eksport salohiyatini yanada oshirish va kengaytirishga xizmat qiladi. Umumiy maydoni salkam 130 ming kv. metrga teng savdo bozorida 30 ga yaqin muzlatgich, vaqtinchalik saqlash omborlari, ref-konteynerlar, tadbirkorlar uchun mehmonxona va oshxona mavjud.

- Zamonaviy mezonlar asosida barpo etilgan ulgurji savdo majmuasi tadbirkorlarimizga qulay va xavfsiz ishlash, ishonchli va uzoq muddatga mo‘ljallangan hamkorlar topish imkonini beradi, - deydi viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Eldor Tursunqulov. - Ishonamizki, yangi bozor yangi xaridorlar bilan manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, mahsulotni tashish, sifatli saqlash hamda doimiy ravishda Rossiyaning brend savdo tarmoqlarini kerakli mahsulotlar bilan ta’minlashda qo‘l keladi.

Ochilish marosimida Farg‘ona viloyati delegatsiyasi ham ishtirok etib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

    Boshqa yangiliklar