Sal avval Bandlik vazirligi Yangi Toshkentni qurish uchun 8-15 mln so‘m ish haqi bilan 10 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilgandi. Shundan so‘ng fuqarolar bu bo‘yicha kimga murojaat qilishni bilmayotgani, ko‘rsatilgan qisqa raqamlar esa ishlamayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ayni paytda vazirlik fuqarolarning Yangi Toshkent shahri loyihasi uchun bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot olish maqsadida call-markazga qo‘ng‘iroq qilib bog‘lana olmayotgani xususida holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:
"Haqiqatdan ham taklif qurilishda ishlash istagi bo‘lgan ko‘plab yurtdoshlarimizning qiziqishiga sabab bo‘lgan. Kun davomida 1000 ga yaqin qo‘ng‘iroq bo‘lmoqda. Qo‘ng‘iroqlar soni ko‘payganligi tufayli, limit (bir paytning o‘zida 50 tagacha qo‘ng‘iroq)dan oshganda uzilish ro‘y bergan.
Ushbu holat 4 mart soat 12:00 ga qadar bartaraf etiladi. Qolaversa, qo‘ng‘iroq qilib, navbat kutishni istamagan (bog‘lana olmagan) hamyurtlarimiz uchun alternativ taklif sifatida telegram bot ishga tushirilmoqda. Endilikda Yangi Toshkent shahri loyihasi qurilishida ishlashni istagan hamyurtlarimiz @yangi_toshkent_qurilishi_bot orqali o‘zlari haqida ma’lumotlarni yozib qoldirishsa, call-markaz operatorlari ma’lumotda ko‘rsatilgan raqamga kun davomida qayta aloqaga chiqadi", - deyiladi rasmiy munosabatda.