AsosiyJamiyat

Toshkentda tez yordam xodimlari bemorni 4 soat olib yurib, uy yo‘lagida qoldirib ketgani aytilmoqda

Respublika tez tibbiy yordam markazi holatga izoh berdi.

'Toshkentda tez yordam xodimlari bemorni 4 soat olib yurib, uy yo‘lagida qoldirib ketgani aytilmoqda'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar tez tibbiy yordam brigadasi xodimlari tomonidan bemor 4 soat davomida bir necha tibbiyot muassasasiga olib borilgani, yakunda u ko‘p qavatli uy yo‘lagida qoldirib ketilgani haqida xabar tarqaldi.

Respublika tez tibbiy yordam markazi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Qayd etilishicha, fuqaro M.B. (1953 yilda tug‘ilgan, uyi va aniq yashash manzili yo‘q) nomiga 2025 yil 23 fevraldan boshlab tez tibbiy yordam xizmatiga bir necha marotoba murojaatlar qayd qilingan va har safar unga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilgan. 

Bundan tashqari, M. B.ni 4-son va 1-son shahar klinik shifoxonalariga bir necha marta olib borilgan. Jumladan, joriy yil 6 mart kunining o‘zida uning nomidan 4 marta chiqiruv uyushtirilgan va hammasida tibbiy xizmatdan foydalangan. 

6 mart kuni dastlab soat 10:53 da Bo‘zsuv 1/21 manziliga shu yerda yashovchi fuqaro tomonidan chaqiriq berilgan. Tez tibbiy yordam brigadasi o‘z vaqtida yetib borib, bemorni birlamchi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadi. So‘ngra u 1-son shahar klinik shifoxonasiga olib borilgan. Qabul bo‘limida shoshilinch holat inkor qilingach, u yashash manzili aniq bo‘lmagani uchun "102" xizmatiga xabar berilib, olib ketilgan manzilga keltirib qo‘yilgan.

Keyingi chaqiriq esa soat 13:34 da Bo‘zsuv 1/21 manziliga IIB xodimi tomonidan amalga oshirilgan. Voqealar rivoji deyarli bir xilda davom etadi, faqat yakunda bemor bu safar yashash manzilini Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi, 421-uy deb ko‘ratgani sababli tibbiy brigada tomonidan "koll markaz" katta shifokori hamda "112" va "102" xodimlari bilan gaplashilib, aytilgan manzilga keltirib qo‘yilgan.

Soat 19:48 da Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi, 421-uy manziliga yo‘lovchi fuqaro tomonidan navbatdagi chaqiruv bo‘ladi. Tez tibbiy yordam brigadasi o‘z vaqtida yetib boradi. Bemorni birlamchi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadi. Shoshilinch holat inkor qilinib, u manzilning o‘zida qoldiriladi.

To‘rtinchi chaqiruv kechki payt soat 20:31da Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi, 421-uy manziliga IIB xodimi tomonidan amalga oshirilgan. Tez tibbiy yordam brigadasi tezkor ravishda vaqtida yetib boradi va joyida bemorni birlamchi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadi. 

IIB xodimi taklifi bilan yana qaytadan 1-shahar klinik shifoxonasiga olib borilgan. Qabul bo‘limida mutaxassis tomonidan qo‘yilgan "o‘ng tomonlama sut bezining yiringli yarasi" tashxisi asosida qabul bo‘limida qoldirilgan.

Fuqaro M.B. ayni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialida rejali ravishda muolajalar olmoqda

    Boshqa yangiliklar