“Qisqa va lo`nda” loyihasi mehmoni teatr va kino aktrisasi Dilnoza Kubaeva. Fe`l-atvori, kechinmalari va xotiralari haqida zavqlanib so`zlagan aktrisaning suhbatidan siz ham bahramand bo`ling.
Mavsum yangiligi
Ayni kunlarda teatrda yangi spektakl namoyishi bo`lib o`tmoqda. “Mirzo Ulug`bek” spektalida men Feruza rolini ijro etyapman. Bundan tashqari, Yangi yil bayrami arafasida bolajonlar uchun ertak ham sahnalashtirmoqdamiz. Bu sahna asarida men Semurg` qushi rolida namoyon bo`laman.
Kinoda esa “Er bermoq — jon bermoq 2” filmining dublyaj ishlarini boshlaganmiz. Shuningdek “Isnod” kartinasining suratga olish ishlari ham o`z yakuniga etib qoldi. Nasib qilsa, ketma-ket premeralar bilan muxlislarni xursand etamiz.
Xafa bo`lsam
San`atkorlarning ta`bi nozik. Ko`ngilchanligi sabab xafa bo`lishlari ham oson. Men ham bundan mustasno emasman. Ta`sirchan bo`lganim uchun ba`zida arzimas gapga ham hafa bo`laman. Lekin xafa bo`lganimni ko`pincha sezdirmayman. Chunki atrofimdagilarning hurmati men uchun muhimroq. Meni ranjitganini bilib u ham xafa bo`lmasin, yonimda xijolat chekmasin, deb o`zimni qo`lga olaman. Vaziyat biroz yumshagandan keyin gapi ko`nglimga og`ir botganini yotig`i bilan tushuntiraman.
Kechirim so`rash
Agar kimnidir xafa qilganimni sezsam, shu zahoti kechirim so`rayman. Bu men uchun qiyinchilik tug`dirmaydi., aksincha o`zim ham engil tortaman.
Sport
Bolaligimdan profesional darajada hech bir sport turi bilan shug`ulanmaganman. Ammo shashka o`ynash jonu-dilim. Ming afsuski, shaxmat o`ynashni o`rganolmadim. Hozir esa uyda sport bilan shug`ullanish uchun sharoit bor, turli uskunalarda mashq bajarib turaman. Mavridi kelganda bir gapni alohida aytishni istardim. Bolaligimizda darsdan keyin mahalladagi qizlar bilan ko`chada mazza qilib turli o`yinlar o`ynardik. “O`rtaga tushar”, “Rezinkada sakrash”... ochig`i, yugur-yugurlardan sportga hatto hojat ham qolmasdi. Bugun esa bolalarimizning bolaligi o`zgarib ketgan...
Stil
Bu borada o`zimni didimga ishonaman. Qomatimga yopishib turuvchi liboslarni yoqtirmayman. Birovlarni e`tiborini qaratuvchi, ko`zga yarq etib tushuvchi liboslarni kiymayman. Bundan tashqari, poshnasiz yursam o`zimni noqulay his etaman. Shuning uchun kamdan-kam hollarda sport uslubida kiyinaman.
Yolg`on gapirishsa
Hamma narsani ko`zga qarab sezib turadigan darajada odamlarni yaxshi bilaman deyolmayman. Biroq kasbimdagi tajribamdan kelib chiqib, anglab olish qo`limdan keladi. Odamlar bilan ko`p suhbatda bo`lsang, yillar o`tgach, kim qanday ekanini bilib boraverar ekan kishi... O`zim juda ham kam yolg`on ishlataman. Hazillashib aldasam ham sezdirib qo`yaman.
Mish-mishlar
Ilgari o`zim haqimda mish-mishlarni eshitib qolsam, juda xafa bo`lardim. Har bir mayda gap ham ko`nglimga botardi. Bugun esa bunday holatlarga qarshi o`zimda “immunitet” hosil qilganman. Hatto atrofimdagilar ham kimdir haqida gapirishsa, ularni eshitmaslik uchun boshqa mavzuni boshlab yuboraman. Bu hayotda hamma avvalambor o`zini bilishi, faqat o`z hayoti bilan band bo`lishi kerak, deb o`ylayman.
Yomon ko`rgan savolim
Hayotimga bog`liq o`ta shaxsiy savollarni uncha xushlamayman.
Ustozlarim o`giti
Ustozim Minavvara Abdullaeva talabalik yillarimizda darsdan tashqari qizlar majlisi o`tkazib, doim or-nomusli, odobli bo`lishimiz, hech qachon yolg`on gapirmasligimizni tayinlardilar. Yana bir ustozim Xayrulla Sa`diev hozirgacha “Onang yaxshimi, xafa qilmagin. Doim xabar olib tur”, deb qaytaradilar. Kuni kecha teatrda ko`rishib qolganimizda ham, shu gaplarni takrorladilar. Ustozlarimning har bir gapi men uchun muhim, hammasiga amal qilaman.
Aliya SULAYMANOVA
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV