Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahridagi 5-sonli davlat bog‘chasi tomiga qurilish kranining bir qismi qulab tushdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat 25 mart kuni soat 19:10 atrofida sodir bo‘lgan. Bog‘cha bilan qo‘shni hududda xususiy tadbirkor qurayotgan turar joy kompleksidagi ko‘tarma kranining o‘q (strela) qismi yomg‘ir sababli bog‘cha binosining tomiga qulagan.
Bino tom qismiga shikast yetgan. Voqea oqibatida jarohat olganlar bo‘lmagan.
Hodisa joyiga FVB, hokimiyat, prokuratura, IIB mutasaddilari yetib borgan. Bino tom qismini zararlagan ko‘tarma kran o‘qi olib tashlangan.
Ayni paytda qurilish tashkilotining 8 nafar ishchisi tomdagi zarar yetgan profnastil qoplama va yog‘och qismini olib tashlab, ta’mirlash ishlarini boshlangan. Tashkilot bino ishchi holatga keltirilishi uchun 3 kun ketishini bildirdi.
Bog‘cha faoliyati bir muddatga to‘xtatilgan.