AQSH va Eron o‘rtasida yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar yana faollashdi. Prezident Donald Tramp Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyga ikki oylik muddat berib, yadroviy dastur bo‘yicha yangi kelishuvga erishishni taklif qildi. Agar bu muddat ichida kelishuvga erishilmasa, AQSH yoki Isroil tomonidan harbiy choralar ko‘rilishi ehtimoli yuqori.
Tehron muzokaralarga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, uranni boyitish huquqidan voz kechishni rad etmoqda. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiyning ta’kidlashicha, uranni boyitish Eronning ajralmas huquqi bo‘lib, bu masala muzokaralar uchun yopiq. Shuningdek, Eron AQSHning uran zaxiralarini uchinchi davlatga, masalan, Rossiyaga topshirish taklifini ham rad etmoqda.
AQSHning o‘zida ham bu masala bo‘yicha ichki siyosiy ixtiloflar mavjud. Vitse-prezident Vens boshchiligidagi guruh diplomatik yechim tarafdori bo‘lsa, Milliy xavfsizlik maslahatchisi Mayk Uolts va davlat kotibi Marko Rubio qat’iyroq pozitsiyani egallab, Eronga nisbatan qattiq choralar ko‘rishni talab qilmoqda .
Agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, Eronga nisbatan sanksiyalar yumshatilishi va iqtisodiy holat yaxshilanishi mumkin. Ammo kelishuvga erishilmasa, AQSH va Isroil tomonidan harbiy zarbalar xavfi ortadi. Bu esa mintaqadagi beqarorlikni kuchaytiradi va Eron iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Abdulloh Sayyid