Shu yilning 18 aprel kuni soat 16:37 da Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasiga Yunusobod tumanidagi bank xizmatlari markazidan tashvish xabari kelib tushgan.
Xabar asosida tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlari voqea joyiga borishganda noma’lum fuqaro ko‘rinishidan to‘pponchaga o‘xshagan buyum bilan markaz ishchisidan pul talab qilayotganini guvohi bo‘lishgan.
Huquqbuzar xodimlarni ko‘rib markaz oynasini sindirib qochib ketayotgan vaqtda ko‘rilgan tezkor choralar natijasida qo‘lga olingan.
Dastlabki o‘rganishlar jarayonida ushbu fuqaro Qibray tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.M. ekanligi, uning qo‘lidagi o‘yinchoq to‘pponchaligi aniqlangan.
Holat bo‘yicha voqea joyiga IIO xodimlari chaqirtirilib, fuqaro o‘rnatilgan tartibda Yunusobod tumani IIO FMB ga topshirilgan.
Hozirda IIO tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.