Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, huquqshunos ayollarning sud tizimida lavozim darajalari bo‘yicha ko‘tarilishi va kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish bo‘yicha maxsus dasturlar joriy etiladi.
Jamiyatda ayol huquqshunoslarning roli haqida va sud tizimida ayollarni sudyalik lavozimiga tayinlash imkoniyatlari to‘g‘risida ayollar xabardorligini oshirish bo‘yicha axboriy targ‘ibotlar o‘tkaziladi.
Buning natijasida O‘zbekistonda sud tizimida ayollarning sudyalik lavozimida faoliyat ko‘rsatish ulushi oshadi hamda ushbu sohada gender tenglik prinsipi yanada yaxshilanadi.
BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalariga hamda xalqaro standartlarga muvofiq sud tizimini yanada takomillashtirish, sudning mavqeyini oshirish, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash rejalashtirilgan.
Odil sudlovga oid xalqaro standartlarga asosan “Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi, “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalari ishlab chiqiladi.
Qonun loyihalari belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.