Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida aholiga transport sohasida yaratilayotgan qulayliklar bilan tanishdi.
“YEVRO-5” talablariga munosib mazkur avtobuslarning sig‘imi 70 kishilik. Tagi past bo‘lgani uchun nogironlar va keksalar uchun ham qulay. Shuningdek, Wi-Fi va kuzatuv kameralari ham mavjud. Bunday zamonaviy jamoat transportidan keksayu yosh birdek mamnun.
Avvalgi kichik avtobuslarning har biri kuniga 200-300 kishini tashigan bo‘lsa, yangi avtobuslarning har biri ming kishiga xizmat ko‘rsatmoqda. Ularning qatnov oralig‘i vaqti ham ikki barobarga qisqarib, 5-12 daqiqaga tushdi. Natijada Urganch shahrida aholining jamoat transportidan foydalanish darajasi 38 foizga yetgan.
Boshqa hududlarni ham jamoat transporti bilan yaxshi qamrab olish uchun korxona tomonidan tez kunda yana 30 ta avtobus olib kelinishi ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz jamoat transportini tumanlar bilan samarali bog‘lab, yo‘nalishlarni qulaylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Yo‘llarni ta’mirlab, haydovchilar malakasi va texnik xizmat sifatini oshirish avtobuslardan foydalanish muddatini uzaytirishda muhim omil ekani qayd etildi.