AsosiyJamiyat

Soliq qo‘mitasining ikki nafar xodimi hibsga olindi

Ular QQSning manfiy summasini budjetdan noqonuniy qaytarib, katta miqdordagi pulni talon-toroj qilgan.

'Soliq qo‘mitasining ikki nafar xodimi hibsga olindi'ning rasmi

Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida soliq idoralarining ayrim mansabdor shaxslari moddiy manfaatdorlik evaziga “Barqarorlik reytingi” dasturidagi ma’lumotlarni soxtalashtirish orqali 18 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarga baholarni sun’iy ravishda qo‘shish hamda xavf darajasini olib tashlashlari oqibatida jami 82 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ining manfiy summasi budjetdan noqonuniy qaytarilganligi holati aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 167 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jumladan, ushbu jinoyat ishi doirasida yog‘och importi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ hisobiga 5,5 mlrd so‘m QQSning manfiy summasi budjetdan noqonuniy qaytarilganligi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2 nafar xodimi, shuningdek, MCHJ direktori va hisobchisi hamda 2 nafar norasmiy rahbari gumonlanuvchi tariqasida tergovga jalb qilinib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Mazkur shaxslarga tegishli bo‘lgan jami 16 ta obyektda o‘tkazilgan tintuv-tergov harakatlari davomida 79 ming AQSH dollari, 161 mln so‘m, 3 ta LI 9 elektromobil, 2 ta “Gentra”, 1 ta “Nexia 3” avtomashinasi, 1268 blokda “TEREA” nomli elektron sigaret tayoqchalari, 27 ta elektron kalitlar, shuningdek, muhr, kompyuter va telefon apparatlari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Jinoyat ishi doirasida qolgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilgan budjet mablag‘lari bo‘yicha ham tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar