O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni Samarqand shahridagi Kongress markazida tashkil etilgan "O‘zbekiston va Italiya: sivilizatsiyalar muloqoti" ko‘rgazmasini tomosha qildilar. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Noyob ekspozitsiya ikki mamlakat o‘rtasidagi chuqur tarixiy, ilmiy va madaniy aloqalarga bag‘ishlangan. U "Rim va Kushon imperiyalarining savdo munosabatlari", "Birinchi Uyg‘onish davri", "Marko Polo", "Amir Temur", "Mirzo Ulug‘bek" va "Zahiriddin Muhammad Bobur", "XIX asrda O‘zbekistondagi italiyaliklar", "Ikkinchi jahon urushida o‘zbekistonliklarning Italiyani ozod qilishga qo‘shgan hissasi", "O‘zbekiston va Italiya: madaniy merosni asrash" kabi 9 ta mavzuli bo‘limdan tashkil topgan.
Mehmonlarga Afrosiyobning "Samarqand hukmdori tomonidan elchilarni qabul qilish marosimi" nomli devoriy suratning mashhur italiyalik usta Mauro Pellitsonni tomonidan Florensiya mozaikasi uslubida ishlangan noyob nusxasi namoyish etildi.
Shuningdek, yetakchilar turli tarixiy yodgorliklar, grafik tasvirlar, qo‘lyozma va miniatyuralar, nodir adabiy nashrlar, haykallar, arxiv suratlari va hujjatlari bilan tanishdilar.