O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning 10 iyun kuni “Bunyodkor” stadionida Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida Qatar terma jamoasini qabul qiladi. Ushbu o‘yin uchun chiptalar faqatgina oflayn sotiladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, chipta sotuvchi platforma va O‘FA huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda, avvalgi o‘yinlar tajribasidan kelib chiqib, firibgarlik va chiptalar qalbakilashtirilishining oldini olish maqsadida faqat “Humo Arena”, “Bunyodkor” va “Paxtakor” stadionida oflayn savdo tartibini joriy etadi.
“Mazkur chiptalar maxsus kodlangan. Avvalgi uchrashuvlarda firibgarlar elektron chiptalarni soxtalashtirib, ko‘plab muxlislarning stadionga kirolmasligiga sababchi bo‘lgandi. Chiptalar sotuvi boshlanish sanasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2026 yil AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralashi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 5 iyun kuni Birlashgan Arab Amirliklariga, 10 iyun kuni esa Toshkentda Qatarga qarshi maydonga tushadi. Temur Kapadze qo‘l ostidagi jamoa A guruhida 17 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi. Agar jamoa BAAga qarshi o‘yinda bir ochko qo‘lga kiritsa, muddatidan avval mundial masalasini hal qiladi.