Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelish zali rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlandi va zalning yangilangan o‘ng qismi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qildi.
Zalning umumiy maydoni kengaytirildi, avtotransport va avtobuslar uchun yangi yo‘lak qurildi, 120 o‘rinli avtoturargoh tashkil etildi va yashil hudud barpo etildi.
Bino fasadining kengayishi uchib kelish zali maydonini 2100 kv metrga oshirish imkonini berdi. Natijada bojxona hududi kengaytirildi, qo‘shimcha yuk karuseli o‘rnatildi, terminal ichida kutib oluvchilar uchun ilk bor 120 o‘rindiqli hudud tashkil etildi.
Kutib oluvchilar maydonidan tashqari, qisqa muddatli to‘xtash uchun zalga tutashgan maxsus ajratilgan yo‘lak ochildi. Endi zal oldiga taksida ham, shaxsiy avtomobillarda va avtobuslarda ham kirish mumkin — yo‘lakda turish vaqti jo‘nab ketish zalidagi yo‘lak kabi 10 daqiqani tashkil etadi.
Rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichini 2025 yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. Uning davomida qo‘shimcha yuk tashish kamarini o‘rnatish, kafelar, do‘konlar va boshqa xizmatlar joylashgan kutib oluvchilar hududini kengaytirish nazarda tutilgan.
"Bugun terminalning o‘ng qismini kengaytirish ishlari yakunlandi. Chap qismini rekonstruksiya qilish ertadan boshlanadi. Aeroport faoliyatini to‘xtata olmaganimiz uchun bosqichma-bosqich ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Noyabrdan iyungacha ob-havo sharoiti va yo‘lovchilar oqimi yuqori (kuniga 200 tagacha reys) bo‘lishiga qaramay qurilish ishlari uzluksiz amalga oshirildi. Vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘raymiz va sabr-toqat uchun minnatdorchilik bildiramiz. Ishlarimiz natijasi poytaxtning barcha mehmonlarini xursand qilishiga ishonamiz", — deya xabar berdi Uzbekistan Airports qurilish boshqarmasi mutasaddilari.
Yakuniy bosqich — kelish va jo‘nash zallarini yagona terminal majmuasiga birlashtirish. Ishlar yakunlangach, terminalning umumiy maydoni 10 000 kv metrdan oshadi, o‘tkazish qobiliyati esa soatiga 2400 yo‘lovchiga yetkaziladi.