Namangan viloyatida jinoyat ishini yopish evaziga 40 ming AQSh dollari talab qilgan tergovchi va vositachilik qilgan advokat qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan viloyati IIB Tergov boshqarmasi tergovchisi o‘z yurituvidagi Chust tumanida yashovchi 20 yoshli fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini yakunlash evaziga noqonuniy ravishda pul talab qilgan.
U mazkur jarayonda ishga aloqasi bo‘lmagan advokat orqali vositachilik yo‘li bilan 40 ming AQSh dollari olishni tashkil qilgan.
Tezkor tadbir davomida advokat gumonlanuvchining otasidan talab qilingan mablag‘ni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng, tergovchi ham advokatdan 30 ming dollar olgan vaqtda qo‘lga olingani ma’lum qilindi.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) va 212-moddasi (pora olishda vositachilik qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud qaroriga ko‘ra, ikkalasiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.






