AsosiyJamiyat

"Propiska"dan o‘tgan hududdagina "taksi"chilik qilish mumkinmi?

Keng jamoatchilik tomonidan muhokamalarga sabab bo‘lgan ushbu xabarga Transport vaziri Ilhom Mahkamov izoh berdi.

'"Propiska"dan o‘tgan hududdagina "taksi"chilik qilish mumkinmi?'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilar faqat o‘zining propiskadan o‘tgan hududidagina taksichilik qilishi mumkinligi haqida xabar tarqalgan edi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamovga ko‘ra, yo‘nalishsiz taksi faoliyatini litsenziyalash transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan hududdan qat’iy nazar, taksi haydovchisi tanloviga ko‘ra litsenziya talabnomasida ko‘rsatgan o‘zini-o‘zi band qilish hududi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Ya’ni, taksi haydovchisining avtomobili qaysi hududda ro‘yxatdan o‘tganidan qat’iy nazar o‘zi xohlagan hududda faoliyat yurita oladi.

Masalan, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilning egasi dastlab o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va bunda taksi faoliyatini amalga oshirish hududini o‘zi tanlaydi. Shundan so‘ng, litsenziya olish uchun kompozit ariza topshiradi.

Ikkinchidan, yo‘nalishsiz taksi litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan (o‘zi tanlagan) hududda va yondosh hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) faoliyat ko‘rsatishi lozim.

Ya’ni, cheklov litsenziyada ko‘rsatiladigan hudud uchun o‘rnatilgan. Masalan, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilning egasi o‘zi tanlagan Toshkent shahrida faoliyat yuritishi uchun litsenziya olganidan so‘ng faoliyatini Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyatida olib borishiga ruxsat etiladi.

Uchinchidan, avtomobilning davlat raqami qaysi hududga oid bo‘lsa, litsenziya faqat aynan shu hudud uchun berilishi litsenziya talab va sharti hisoblanmaydi.

Ya’ni, avtomobilning boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.

    Boshqa yangiliklar