O'zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Kolumbiyaga qarshi o'yindan so'ng maydon chetida jarohat olgan operator holidan xabar oldi. Bu haqda O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Ma'lum qilinishicha, 18 iyun kuni bo'lib o'tgan uchrashuv davomida to'p uchun kechgan kurash epizodlaridan birida Husanov translyatsiya operatori bilan to'qnashib ketgan.
O'yin yakunlanganidan so'ng operatorning ahvoli surishtirilib, unga Abduqodir Husanov imzosi tushirilgan maxsus futbolka taqdim etildi. Futbolchi operatorga tezroq sog'ayib ketishini tilab, samimiy tilaklarini bildirdi.
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasiga ko'ra, mazkur holat sportda o'zaro hurmat va insonparvarlik tamoyillarining yana bir yorqin namunasi bo'ldi.






