AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatning turli shaharlaridagi yirik norozilik namoyishlariga qaramasdan, noqonuniy muhojirlarni hibsga olish va deportatsiya qilish choralarini kuchaytirishga ko‘rsatma berdi.
Bu haqda u ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilar ekan, xususan, Los-Anjelesda mahalliy rasmiylarning migratsiya siyosatiga qarshi uyushtirilgan namoyishlarga munosabat bildirdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) “noqonuniy muhojirlarga qarshi tarixdagi eng yirik ommaviy deportatsiya operatsiyasi”ni boshlagan. “Bizni burchimizni bajarishimizga hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi”, — dedi Tramp.
U, shuningdek, ICEga “tarixdagi eng katta ommaviy deportatsiya dasturi”ni amalga oshirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishni buyurganini ta’kidladi.
Tramp Los-Anjeles, Chikago va Nyu-York kabi shaharlarda deportatsiya ishlarini faollashtirishga chaqirdi. U mahalliy demokratik amaldorlarni saylovchilar faolligini oshirish maqsadida noqonuniy muhojirlardan foydalanishda va “Amerika fuqarolaridan ish o‘rinlari va imkoniyatlarni tortib olishda” aybladi.
Prezidentga ko‘ra, federal hukumat noqonuniy muhojirlarni o‘z vatanlariga qaytarish jarayonini davom ettiradi. Bu borada ICE, Davlat departamenti va Mudofaa departamenti kabi idoralarga zarur topshiriqlar berilgan.
Los-Anjelesda norozilik namoyishlari
ICE tomonidan amalga oshirilayotgan choralarga javoban Los-Anjelesda ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilarning bir qismi hibsga olindi. Shaharning ayrim hududlarida namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar qayd etildi.
Tramp vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida Los-Anjelesga Milliy gvardiya jo‘natilganini ma’lum qildi va yuzaga kelgan holatda demokratlar yetakchilarini aybladi.
AQSH Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, prezidentning buyrug‘iga asosan, Milliy gvardiyaning 4000 nafar askari joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Qo‘shimcha ravishda, xavfsizlik choralari doirasida 700 nafar dengiz piyoda qo‘shinlari ham shaharga yuboriladi.