Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev va Shvetsiya Migratsiya vaziri Johan Forssell o‘rtasida O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Konstruktiv muloqotda, noqonuniy migratsiyani oldini olish, inson huquqlarni himoyalovchi, qulay, shaffof tashkillashtirilgan migratsiya mexanizmlarini yaratish masalasi muhokama qilindi.
Bugungi kunda Shvetsiyadagi demografik jarayonlar tufayli transport, qurilish, sanoat, tibbiyot, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilyapti. O‘zbekiston ushbu mamlakat mehnat bozoriga malakali mutaxassislarni tayyorlash va olib kirish uchun yetarli salohiyatga ega.
Tomonlar quyidagi asosiy tashabbuslarni ilgari surishdi:
- ikki mamlakat o‘rtasida markazlashtirilgan raqamli platforma yaratish;
- qurilish, logistika va tibbiy xizmatlar yo‘nalishlariga ish beruvchilar talabi asosida o‘zbekistonlik yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va Shvetsiyada bandligini ta’minlashga qaratilgan pilot loyihalarini boshlash.
Shuningdek, uchrashuv doirasida migratsiya va mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik haqida qo‘shma deklaratsiya imzolandi, bu hamkorlik nolegal migratsiyaga chek qo‘yish, axborot almashish va konsullik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Ishonchim komilki bugun imzolangan tarixiy hujjat, O‘zbekiston – Shvetsiya munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish, va kelajakdagi faol hamkorligimiz uchun muhim qadam bo‘ldi. Mamlakatingizga ilk bor kelgan bo‘lsamda, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot, qolaversa barcha sohalardagi ijobiy imkoniyatlar menda juda ijobiy xissiyotlar qoldirdi”,
- dedi Shvetsiya Migratsiya vaziri Johan Forssell.