“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 5 iyun kuni kunduzi Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 28-33 daraja atrofida, janubda 34-36 darajagacha bo‘ladi.
6-7 iyun kunlari respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 6 iyunda Farg‘ona vodiysi viloyatlari va 7 iyunda Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Havo harorati ushbu kunlarda asta-sekinlik bilan ko‘tarilib, yakshanba kuni kunduzi 34-37 darajagacha etadi.
Shamol 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin. Respublikaning shimolida 7 iyunda 20-22 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 5—7 iyun kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel suv-toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda bugun kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 30-32 daraja bo‘ladi. Shanba va yakshanba kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduz kuniga harorat shanba kuni 30-32 daraja, yakshanba kuni 34-36 daraja bo‘ladi.
Prognozlarga ko‘ra, yozgi mavsum davomida ekstremal qiymatlarga yaqin bo‘lgan juda issiq ob-havo davrlari bo‘lishi kutilmoqda. Yoz o‘rtalarida eng issiq kunlarda havo harorati 42-44 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 45-47 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.






