Turkiyaning Izmir provinsiyasida yirik o‘rmon yong‘inlari avj oldi, bir nechta aholi punktlarida istiqomat qiluvchilar evakuatsiya qilinmoqda. Bu haqda TRT haber ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yong‘in Menderes va Seferihisar tumanlari o‘rtasidagi o‘rmon zonasida kelib chiqqan va tezda tarqalgan. Izmir gubernatori Sulaymon Elban hozircha yong‘in nazoratga olinmaganini aytgan.
“Shamol tezligi soatiga 70 dan 117 kilometrgacha o‘zgarib turishi sababli, afsuski, havo texnikasining ko‘p qismi ishlay olmayapti. Faqat 12 tonnadan suv tashiy oladigan ikkita katta samolyot barqaror ishlamoqda. Ba’zida shamol tezligi soatiga 70 kilometrdan pasayganda, boshqa samolyotlarni ham havoga ko‘tarish imkoni bo‘ladi. Lekin, afsuski, vertolyotlar va qolgan aviatsiyani ishga solish imkoniyatimiz yo‘q”, — deydi u.
Gubernatorga ko‘ra, mintaqada ham, qo‘shni provinsiyalarda ham quruqlikdagi o‘t o‘chiruvchilar guruhlari kuchaytirilgan. Qutqaruv xizmatlari ixtiyorida mingdan ortiq kishi, 122 ta o‘t o‘chirish avtomobili, 74 ta suv tashuvchi va 84 ta og‘ir texnika mavjud.
Rasmiylar uchta qishloqni evakuatsiya qilgan, Seferihisar tumanidagi bir nechta kichik tumanlar aholisini ko‘chirish boshlangan. Halok bo‘lganlar va jiddiy jarohatlanganlar yo‘q. Ammo tutun sababli ayrim aholi tibbiy yordamga murojaat qilgan. Izmir provinsiyasidagi xalqaro aeroport faoliyatini to‘xtatgan. Kuchli shamol olovni Gaziemir munitsipaliteti hududi bo‘ylab tezda tarqatmoqda.
Elban yong‘inga qarshi kurash qiyin sharoitlarda davom etayotganini ta’kidlab, fuqarolarni xavfsizlik choralariga rioya qilishga va qutqaruv xizmatlari ko‘rsatmalariga amal qilishga chaqirdi.