AQSH sobiq prezidenti Jo Baydenning shaxsiy shifokori Dr. Kevin O‘Connor chorshanba kuni Kongressdagi yopiq eshituvda Baydenning sog‘ligi va ruhiy holati yuzasidan birorta ham savolga javob bermay, o‘zining o‘ziga qarshi guvohlik bermaslik huquqini (AQSH Konstitutsiyasining 5-tuzatmasi) ishga soldi. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Vakillar palatasi nazorat qo‘mitasi raisi respublikachi Jeyms Komer (Kentukki) bu harakatni “odatdan tashqari holat” deb atadi va “bu prezident sog‘lig‘i bo‘yicha usti yopilgan katta yashirin voqeani tasdiqlaydi,” dedi.
O‘Connor'ga ikki asosiy savol berilgan:
“Siz prezident sog‘ligi haqida yolg‘on gapirishga majbur bo‘lganmisiz?”
“Siz hech qachon Jo Bayden o‘z vazifalarini bajarishga yaroqsiz, deb o‘ylaganmisiz?”
Har ikki savolga u javob bermasdan, 5-tuzatmani ko‘rsatgan.
Qo‘mita hatto Dr. O‘Connorning qisqa davom etgan yopiq eshituvidan lavhani ijtimoiy tarmoqlarda “Ular nimani yashirmoqda?” degan so‘zlar bilan e’lon qildi.
Barak Obama davrida Oq uyda ishlagan shifokor Dr. Jefri Kulman ushbu savollar tibbiy maxfiylik (HIPAA) qonunlariga zid emasligini bildirdi va O‘Connor ularga javob berishi mumkinligini aytdi.
“O‘ylashimcha, bu savollar aniq tibbiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olmaydi,” dedi Kulman. U shuningdek, “prezidentlik salomatligi uchun yillik ruhiy testlar majburiy bo‘lishi kerak,” degan fikrni ilgari surgan.
Respublikachi kongressmen Ronni Jekson (sobiq harbiy shifokor):
“Dr. O 5-tuzatmani ishga solishi u Baydenning prezidentlikka yaroqsizligini bilganini va endi o‘zini himoya qilishga urinayotganini ko‘rsatadi.”
Demokrat kongressmen Jasmine Krokket (Texas):
“Men jinoyat ishlarida advokat bo‘lganman. U qilgan harakat yuridik jihatdan to‘g‘ri. Agar u bemorning (hatto sobiq prezidentning) sog‘lig‘i haqida gapirganida, tibbiy litsenziyasidan ayrilishi mumkin edi.”
Kongress Bayden prezidentligi davrida hokimiyatni aslida kim boshqarganini aniqlashga harakat qilmoqda. 2025 yil 20 mayda chiqqan “Original Gunoh” nomli kitobda “Politbyuro” deb ataluvchi kichik maslahatchilar guruhi Oq uydagi qarorlarni qabul qilgani iddao qilingan.
Shu munosabat bilan, Baydenning sobiq yordamchilari — Eshli Uilyams (12 iyul), Anni Tomasini (18 iyul), Ron Klain (24 iyul), Stiv Rikketti (30 iyul), Mayk Donilon (31 iyul) va Bryus Rid (5 avgust) kabi shaxslar Kongress oldida so‘roq qilinadi.