Buxoro viloyatining Kogon shahrida o‘zaro janjal oqibatida kelinini pichoqlab o‘ldirgan qaynota 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2024 yilning oxirida sodir bo‘lgan qotillik holati yuzasidan ko‘rib chiqilgan sud ishiga oid hukm joriy yilning iyun oyida o‘qib eshittirilgan.
Unga ko‘ra, asli Toshkent viloyatida tug‘ilgan va uzoq yillardan buyon Buxoro viloyatining Kogon shahrida yashab kelgan 68 yoshli V.K.ning ayrim qo‘ni-qo‘shnilari bilan ham azaldan kelishmovchiligi bo‘lgan. U spirtli ichimliklar iste’mol qilishi tufayli o‘z oilasi bilan ham tez-tez janjal va kelishmovchiliklarga borib turgan. Xususan, V.K. o‘g‘li D.K. bilan birga yashab kelayotgan kelini D.I. bilan ham o‘zaro tortishib qolgan. Og‘zaki tortishuvdan so‘ng kelini pod’ezd va yo‘laklarni tozalash uchun ko‘chaga chiqib ketgan. Qaytib kelgan kelin eshikning ichkaridan qulflab qo‘yilganini ko‘rib, qaynotasidan uni ochishini so‘ragan.
Biroq qaynota qo‘pollik bilan “qayerdan kelgan bo‘lsang o‘sha yerga ket”, deya baqirgan. Kelin bir muddat ko‘chadagi o‘rindiqda qolib ketgan. Oradan vaqt o‘tib, qaynota eshikni ochib, kelinidan ichkariga kirishini so‘ragan. Qaynota ichkariga kirgan kelin bilan yana janjallasha boshlagan. Jahli chiqqan kelin qaynotasini itarib yuborib, uni o‘qlov bilan ura boshlagan. Spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan qaynota o‘zini himoya qilish uchun oshxona pichog‘ini olib, keliniga tashlangan. Pichoq bilan kelinining qorin va qorin usti qismiga shafqatsizlarcha urgan. D.I. yiqilgan va sudralgan holda ko‘chaga chiqib, qo‘ni-qo‘shnilardan yordam so‘ragan.
Jabrlanuvchi tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilishi va muolajalar olib borilishiga qaramay, shifoxonada vafot etgan. Qaynota sud-tergov jarayonlarida qilmishidan pushaymonligini, sog‘lig‘ining yomonligini, nafaqaxo‘r ekanini inobatga olib, “adolatli” qaror chiqarishni so‘rab ko‘rsatma bergan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan ish qo‘zg‘atilgan. Sudlanuvchi jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi hukmi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.