Kamerun Prezidenti Pol Biyya saylovlarda ishtirok etishini e’lon qildi. Bu haqda davlat rahbari o‘zining X sahifasida yozdi.
U ijtimoiy tarmoq sahifasidagi postida vatanga xizmat qilishni davom ettirishga tayyorligini ta’kidlab, mamlakat oldida turgan vazifalarning jiddiyligini qayd etdi. 92 yoshli Biyya 1982 yildan beri prezidentlik qiladi.
Kamerunda prezidentlik saylovlari 2025 yil 12 oktyabrga belgilangan va bir turda o‘tkaziladi. Oddiy ko‘pchilik ovoz olgan nomzod g‘alaba qozonadi. Prezidentlik muddati 7 yil.
2008 yilda Biyya prezidentlik muddatini cheklashni olib tashladi, bu esa unga cheksiz muddatga o‘z nomzodini qo‘yish imkonini berdi. U 2018 yilda bo‘lib o‘tgan so‘nggi saylovlarda muxolifatning keng tarqalgan qonunbuzarliklar haqidagi da’volariga qaramay, 71,28 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan edi.
Ammo hukmron CPDM partiyasi a’zolari Biyyani 2024 yildan beri yana saylovda qatnashishga chaqirmoqda. Shu bilan birga, muxolifat va ayrim fuqarolik jamiyati vakillari uning uzoq davom etgan boshqaruvi mamlakat taraqqiyotini orqaga surayotganiga ishora qilmoqda. Ikki sobiq ittifoqchi allaqachon hukmron koalitsiyani tark etgan va saylovlarda mustaqil nomzod sifatida ishtirok etishni rejalashtirgan.
Biyyaning o‘tmishdoshi, Kamerunning birinchi prezidenti bo‘lgan Ahmadou Babatur Ahidjo 1982 yilda sog‘lig‘i sababli iste’foga chiqqandi. U 1960 yildan beri 22 yil davomida lavozimda edi.