Rossiya prezidenti Vladimir Putin yaqin kunlarda Hindistonga rasmiy tashrif buyuradi. Tashrif doirasida Nyu-Dehlida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Hindiston-Rossiya yillik sammitida ishtirok etishi kutilmoqda.
Sammit davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik, energetika, xususan atom energetikasi va Arktikadagi loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib boriladi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi va global sanksiyalar sharoitida strategik hamkorlik masalalari ham kun tartibida bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Putinning Hindistonga so‘nggi tashrifi 2021 yilda amalga oshirilgan edi.
Ayni paytda Hindiston Rossiya neftining eng yirik xaridorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yevropa Ittifoqi tomonidan yaqinda joriy etilgan yangi narx cheklovlari — bir barrel uchun 60 dollardan 45 dollarga tushirilishi — Moskva va Nyu-Dehli o‘rtasidagi neft savdosi borasidagi muzokaralarda asosiy mavzulardan biri bo‘ladi.
Putin tashrifi chog‘ida xalqaro sanksiyalar va ularning Rossiya-Hindiston munosabatlariga ta’siri xususida ham ochiq muhokamalar kutilmoqda.