Bugun 14-avgust kuni O‘zbekiston rahbari mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Frantsiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Orelia Bushezni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari Frantsiya elchisining samarali faoliyati hamda mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etgan.
Bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflar O‘zbekiston va Frantsiya hamkorligini sifat jihatidan yangi ko‘tarish, uning kun tartibini aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani ta’kidlandi.
Turli darajalarda tizimli muloqot va faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Savdo-iqtisodiy sohada sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi: keyingi yillarda tovar ayirboshlash 4 barobar ko‘paydi, Frantsiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda. Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida ko‘rgazmalar katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi”, — deyiladi xabarda.
Parij shahri yaqinida Beruniy haykali ochildi. Frantsiya poytaxtidagi ko‘chaga Samarqand nomi berildi. Joriy yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston va Frantsiya universiteti o‘z ishini boshlaydi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston prezidenti, Frantsiya Favqulodda va Muxtor Elchisi Orelia Bushezga mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun "Do‘stlik" ordenini topshirdi.
Elchi xonim uning diplomatik missiyasi yuqok baholanganiga hamda O‘zbekiston va Frantsiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun davlat rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdi.