Kecha, 27 avgust kuni Ispaniyaning Valensiya yaqinidagi kichik Bunol shahrida mamlakatning ramzi bo‘lgan “La Tomatina” pomidorlar festivali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Valencia Secreta” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda festivalga minglab odamlar yig‘ilib, bir-birlarini 120 tonna pomidor bilan “siyladi”.
Bu festival har yili avgust oyining so‘nggi chorshanbasida o‘tkaziladi. An’anaga ko‘ra, bayram yog‘langan ustunga chiqib, unda osilgan xamon taomini qo‘lga kiritish musobaqasi bilan boshlanadi. Kechga yaqin shahar maydoniga yuk mashinalarida pomidor olib kelinadi, suv purkagichlar orqali berilgan maxsus ishoradan keyin esa haqiqiy jang boshlanadi.
Festivalda 2013 yildan buyon maxsus chipta tizimi joriy qilingan bo‘lib, unda ishtirokchilar soni 20 ming odam bilan cheklanadi. Masalan, 2012 yilda festivalga 50 ming kishi kelgan edi. Tadbirga butun dunyodan sayyohlar tashrif buyuradi va pomidor janglari taxminan bir soat davom etadi. Ko‘p qatnashchilar o‘zini butunlay qip-qizil qilish uchun oq futbolka kiyib oladi. Otishmalar yakunida shahar ko‘chalaridagi pomidor qoldiqlari suv shlanglari va o‘t o‘chirish mashinalari yordamida tozalanadi.