Sudanning Darfur mintaqasida kuchli yomg‘irlar sabab yuz bergan ko‘chki butun bir Tarasin qishlog‘ini xaritadan o‘chirib tashladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida taxminan 1 000 kishi halok bo‘lgan, atigi bitta kishi esa omon qolgan. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Ushbu fojia mamlakatdagi davom etayotgan fuqarolar urushi va ocharchilik bilan kurashayotgan aholining og‘ir ahvolini yanada og‘irlashtirgan.
Qutqaruvchilar hozircha 100 ga yaqin jasodni topgan, biroq tog‘li hududga kirish qiyinligi tufayli izlash ishlari sekin olib borilmoqda. Marrah tog‘lari 3 000 metr balandlikdagi vulqonli hudud bo‘lib, UNESCO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Ko‘chki kuchli yomg‘irlar yog‘ib, tog‘ yonbag‘irlarining yumshab ketishi natijasida yuzaga kelgan.
Sudan 2023 yildan ber armiyasi va Tezkor Qo‘llab-quvvatlash Kuchlari (RSF) o‘rtasidagi qonli urush girdobida qolmoqda. Darfur esa urushning eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlaridan biri bo‘lib, xalqaro tashkilotlar bu yerda sodir etilgan ko‘plab jinoyatlarni tergov qilmoqda. Minglab odamlar o‘ldirilgan, millionlab aholi esa uyini tark etishga majbur bo‘lgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi 25 milliondan ortiq inson ochlik yoqasida yashamoqda, 3,6 million bola esa to‘yib ovqatlanmaslikdan azob chekmoqda. Qolaversa, so‘nggi ikki yil ichida xolera, bezgak va denga kabi xavfli kasalliklar ham tarqalib, yuzlab insonlar hayotiga zomin bo‘lmoqda.