Qo'shma Shtatlar Rossiya bilan chegaradosh davlatlar, xususan, Baltiqbo'yi mamlakatlarining qurolli kuchlarini qo'llab-quvvatlash dasturlarini moliyalashtirishni to'xtatishga qaror qildi. Bu haqda “Financial Times” nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Xabarga ko'ra, o'tgan hafta Pentagun Sharqiy Yevropa davlatlariga AQShning harbiy yordamni to'xtatish bo'yicha qarorini ma'lum qilgan. Gap Estoniya, Latviya, Litva kabi Rossiya bilan chegaradosh bo'lgan davlatlarga jihoz, trening va xavfsizlik bo'yicha ko'rsatilayotgan yillik yordam haqida ketmoqda.
Ma'lumotlarga ko'ra, bu dasturni moliyalashtirish uchun mablag' Kongress tomonidan tasdiqlanishi kerak, biroq AQSh ma'muriyati bu borada yangi so'rov yubormagan. Oldin tasdiqlangan mablag'lar 2025 yil sentyabrigacha yetarli bo'ladi.
2018–2022 yillar davomida AQSh Yevropadagi harbiy dasturlarni qo'llab-quvvatlash uchun qariyb 1,6 milliard dollar ajratgan. Bu mablag'lardan eng ko'p foyda ko'rgan davlatlar esa Baltiqbo'yi uchliligi — Estoniya, Latviya va Litva bo'lgan.
Oq uyning rasmiy bayonotiga ko'ra, bu qaror Yevropadagi hamkorlar bilan kelishilgan va “Yevropa o'z mudofaasi uchun ko'proq javobgarlik olishini” ko'zda tutadi. Biroq “Financial Times” suhbatdoshlariga ko'ra, ayrim Yevropa hukumatlari bu qardan hayratda qolgan.
Manbalardan birining taxminicha, AQSh Yevropa Ittifoqining boy davlatlarini — Germaniya, Fransiya va boshqalarni — Rossiya bilan chegaradosh davlatlarning xavfsizligini o'z hisobidan ta'minlashga undamoqda.
Avvalroq, Yevropa yetakchilari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan o'tkazilgan uchrashuvda Rossiyaning Ukrainaqa qarshi yangi hujum boshlashi ehtimolidan xavotir bildirgani haqida xabar berilgan edi.