AsosiyDUNYO

Filippindagi maktabda yuz bergan otishmada uch nafar o‘quvchi halok bo‘ldi

Ma'lum qilinishicha, hodisa 22 iyun kuni ertalab Takloban shahridagi San Jose National High School maktabida sodir bo'lgan.

'Filippindagi maktabda yuz bergan otishmada uch nafar o‘quvchi halok bo‘ldi'ning rasmi

Filippinning markaziy qismida joylashgan o‘rta maktabda sodir bo‘lgan qurolli hujum oqibatida uch nafar o‘quvchi halok bo‘ldi, yana yetti kishi turli darajada jarohat oldi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 22 iyun kuni ertalab Takloban shahridagi San Jose National High School maktabida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 14 va 15 yoshli ikki nafar o‘quvchi o‘qotar qurollardan foydalanib, maktab hududida o‘t ochgan.

Mintaqaviy politsiya boshlig‘i Jeykson Kapoynining bildirishicha, hujum qilganlar ham, qurbonlar ham mazkur ta’lim muassasasi o‘quvchilari bo‘lgan.

Qayd etilishicha, gumonlanuvchilar hodisadan ko‘p o‘tmay qo‘lga olingan. Dastlabki so‘roqlar davomida ular maktabda muntazam tahqir va tazyiqqa uchraganliklarini aytgan. Biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur iddaolar yuzasidan hozircha qo‘shimcha ma’lumot bermagan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smirlarning muqaddam sudlanmagani aniqlangan. Shuningdek, ular hujumda ishlatilgan 9 millimetrli to‘pponcha va 38 kalibrli revolverni qayerdan olgani hozircha noma’lumligicha qolmoqda.

Politsiyaning bildirishicha, maktabda bir vaqtning o‘zida bir nechta kirish-chiqish nuqtalarini nazorat qiluvchi atigi bitta qo‘riqchi bo‘lgani sababli qurollarni ta’lim muassasasi hududiga olib kirish imkoni paydo bo‘lgan.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar dastlab sinfxonalardan biriga kirib o‘t ochgan. Keyinchalik ularning ayrim jabrlanuvchilarni boshqa xonalargacha ta’qib qilgani taxmin qilinmoqda.

Filippin Prezidenti Ferdinand Markos hodisa yuzasidan har tomonlama tergov o‘tkazishni buyurgan. Shuningdek, mamlakatdagi barcha maktablar, ish joylari va jamoat joylarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish topshirilgan.

Prezident administratsiyasi vakillari davlat rahbari mazkur fojiaadan chuqur qayg‘uga tushganini bildirib, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik izhor etgan.

    Boshqa yangiliklar