Bugun, 9 sentyabr kuni Nepal Moliya vaziri Bishnu Prasad Paudel namoyishchilar tomonidan kaltaklandi. Bu haqda NDTV nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 65 yoshli Paudelning Katmandu ko‘chalarida qochib ketayotgani, uning ortidan esa yuzlab odamlar quvib kelayotgani aks etgan video tarqalgan. Qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan yosh namoyishchilardan biri sakrab vazirni tepgan, u muvozanatini yo‘qotib, qizil devorga urilib, yiqilgan.
“Nepal Moliya vaziri Bishnu Prasad Paudel namoyishchilar tomonidan kaltaklandi”, deyiladi nashr xabarida.
“Khabarhub” nashriga ko‘ra, norozilik namoyishlari chog‘ida sobiq bosh vazir va Kongress partiyasi rahbari Sher Bahodur Deuba hamda uning rafiqasiga ham hujum qilingan. Namoyishchilar Prezident qarorgohi hududiga ham kirib borgani aytilmoqda.