Kecha, 10 sentabr kuni Afg‘onistonning G‘or viloyatida “Tolibon” muvaqqat hukumatining konchilik va neft’ vaziri Hidoyatulloh Badriy hamda viloyat hokimi Hayotulloh Muborak bo‘lgan vertolyot qulab tushdi. Bu haqda “Pajhwok” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Tulak tumanining Nalbondon hududida yuz bergan. Halokat oqibatida yo‘lovchilar zarar ko‘rmagan. Hokim matbuot kotibi buni texnik nosozlik bilan izohlasa, Mudofaa vazirligi esa vertolyot tog‘ bilan to‘qnashganini bildirgan.
“Bugun tushdan keyin bir qator rasmiylarni olib ketayotgan havo kuchlariga tegishli vertolyot Gor viloyatidan Tulak tumaniga parvoz qilgan edi. Vertolyot ko‘tarilish vaqtida ba’zi texnik muammolar sabab tog‘ bilan to‘qnashib, qulab tushgan”, — deb yozgan mudofaa vazirligi matbuot kotibi.
Ma’lum qilinishicha, amaldorlar tumandagi qo‘rg‘oshin konini ko‘zdan kechirish uchun yo‘l olgan bo‘lgan.