Kursk viloyati gubernatori Aleksandr Xinshteyn Ukraina Qurolli kuchlarini Pasxa sulhini buzishda aybladi. Bu haqda u 11 aprel kuni oʻzining Telegram kanalida yozdi.
Uning aytishicha, Lgov shahrida Ukraina droni yoʻnilgʻi quyish shoxobchasiga hujum qilgan va oqibatda uch kishi, jumladan bir yoshli bola jarohatlangan. Xinshteyn dron zarbasi 11 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 dan keyin, yaʼni frontda Pasxa sulhi kuchga kirgan paytda sodir boʻlganini daʼvo qilgan. Biroq u bu iddaoga dalil keltirmagan.
Shuningdek, Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov chegaraoldi Shebekino shahrida ikki nafar tinch aholi Ukraina tomonidan oʻqqa tutilishi oqibatida yaralanganini maʼlum qildi. Bu haqda u ham oʻz Telegram kanalida xabar bergan. Xerson viloyatining Rossiya tomonidan egallab olingan Yangi Kaxovka maʼmuriyati ham shahar Ukraina qoʻshinlari tomonidan oʻqqa tutilganini va bir nafar tinch aholi vakili jarohatlanganini bildirgan.
Ukraina nashrlari esa Rossiya qoʻshinlari ham Xerson viloyatining oʻng sohiliga barovar oʻt ochish reaktiv tizimlaridan zarba berib, sulhni buzganini yozmoqda. Shuningdek, Xarkov va Zaporojye viloyatlarida sulh boshlanganidan keyin dronlar hujumi xavfi tufayli havo xavfsizligi ogohlantiruvi eʼlon qilingan.
Ayni paytda Ukrainaning "Exilenova+" monitoring kanali oʻz manbalariga tayanib, sulh "frontning aksariyat qismlarida haqiqatdan ham ishlayotgani"ni taʼkidlagan. Kanal mualliflariga koʻra, razvedka dronlari har ikki tomonda ham uchmoqda va ular oʻzaro urib tushirilmoqda.
Kreml taklifiga koʻra, Pasxa sulhi 11 aprel soat 16:00 dan 12 aprel kuni oxirigacha davom etadi. Ukraina prezidenti Rossiya tomoniga oʻt ochishni toʻxtatish rejimi Pasxadan keyin ham davom ettirilishi mumkinligi haqida maʼlumot yetkazilganini bildirgan.






