15 sentyabr kuni Toshkent shahri Mirobod tuman sudida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 61 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha birinchi instansiya sud qarorlari e’lon qilindi. Sud Voitovni juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishda aybdor deb topdi.
Unga nisbatan 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari, oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolish va BHMning 400 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, 3 yil rahbarlik va moddiy javobgarlikka doir lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etildi.
Sud bayonotida ta’kidlanishicha, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi uchun unga ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilmadi. Sud hujjatlariga ko‘ra, Voitov hisob raqamidagi depozit mablag‘larini davlat daromadiga o‘tkazishga rozi bo‘lgan.
Ayni ish doirasida Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligining sobiq direktori Husniddin Karimov 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum etildi.
Qolgan 60 nafar sudlanuvchidan:
9 nafari ozodlikdan mahrum qilindi,
51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, Aziz Voitov 2023 yil oktyabr oyida vazirlik lavozimidan ozod etilgan, dekabr oyida unga rasman ayb e’lon qilingan edi.