2025 yilning 7 oyida O‘zbekistonga 6,3 million nafar chet ellik turistik maqsadlarda kelgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 49 foizga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur davrda O‘zbekistonga kelayotgan afg‘onistonliklar soni 93 barobarga, xitoyliklar soni 2,9 barobarga, turkmanistonliklar soni 2,5 barobarga oshgan. MDH mamlakatlarini hisobga olmagan holda, eng ko‘p sayyoh Afg‘onistondan kelayapti. Har bir xorijiy turistga o‘rtacha 403 dollarlik xizmat ko‘rsatilgan.
Joriy yilning dastlabki 7 oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet el fuqarolari mamlakatlar kesimida quyidagicha:
Qirg‘iziston – 1,84 million nafar (o‘tgan yilning mos davrida 1,2 million nafar);
Qozog‘iston – 1,46 million nafar (845,8 ming nafar);
Tojikiston – 1,44 million nafar (1,2 million nafar);
Rossiya – 536,8 ming nafar (442,1 ming nafar);
Afg‘oniston – 267,5 ming nafar (2883 nafar);
Turkmaniston – 208,8 ming nafar (83,7 ming nafar);
Xitoy – 103,1 ming nafar (35,5 ming nafar);
Turkiya – 96,5 ming nafar (62 ming nafar);
Hindiston – 38 ming nafar (33,3 ming nafar);
Janubiy Koreya – 25 ming nafar (23,9 ming nafar);
boshqa davlatlar – 289 ming nafar (231 ming nafar).
Umumiy tashrif buyuruvchilarning 5,2 million nafari yoki 82,5 foizi qo‘shni davlat fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelgan.






