O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator, agrar va suv xo‘jaligi sohasida ko‘p yillik mehnati bilan tanilgan Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida vafot etdi. U 1931 yil 12 sentyabrda Samarqand viloyatida tug‘ilgan.
Ismoil Jo‘rabekov 1990-yillar va 2000-yillar boshida mamlakat agrar sektorida yetakchi lavozimlarda ishlagan. Jumladan, u 1994–1998 yillarda bosh vazir o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, 2000–2004 yillarda esa Prezidentning agrar masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi sifatida faoliyat yuritgan.
Uzoq yillik tanaffusdan so‘ng 2021 yilda Suv xo‘jaligi vaziri maslahatchisi sifatida davlat xizmatiga qaytgan.
Ismoil Jo‘rabekov faoliyati davomida bir qator oliy mukofot va unvonlar bilan taqdirlangan, jumladan, "Mehnat shuhrati", "El-yurt hurmati", "Buyuk xizmatlari uchun", "Fidokorona xizmatlari uchun" kabi ordenlar sohibi bo‘lgan.