Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qaev bilan uchrashdi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Saida Mirziyoyeva Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi hamda O‘zbekiston Qozog‘istonni ishonchli ittifoqchi sifatida ko‘rishini ta’kidladi.
Prezident administratsiyasi rahbari uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, Qozog‘iston tomonining samimiy qabul va o‘zbek-qozoq do‘stligi hamda qardoshlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
To‘qaev Mirziyoyevaning tashrifini Ostona va Toshkent o‘rtasidagi strategik sheriklikni ilgari surishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, prezidentlar administratsiyalarining ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishdagi o‘rniga alohida to‘xtaldi.
U shuningdek, Qozog‘istonda 2026 yil “raqamlashtirish va sun’iy intellekt yili” deb e’lon qilinganini eslatib, O‘zbekistonning bu boradagi tajribasiga qiziqish bildirdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik, shuningdek, ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi.






