Bandlik vazirligi Air Samarkand xodimlari manfaati yuzasidan sudga arizalar kiritdi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi xabar berdi.
Bildirilishicha, aviakompaniya xodimlari tomonidan ish haqlarini to‘lamayotganlik holati yuzasidan 10 ga yaqin ariza kelib tushgan.
Uch oylik to‘lanmagan oylik ish haqlarini undirish maqsadida Davlat mehnat inspektsiyasi tomonidan sudga ja’mi 1,5 mlrd so‘mlik da’vo arizasi kiritilgan.
Qonunchilikka ko‘ra, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya qo‘shib hisoblangan holda undirib berishni so‘rab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga murojaat qilingan.
“2025 yil bahor va yoz oylarida butun havo kemalari parki rejadan tashqari texnik xizmatdan o‘tkazildi. Bu esa qisqa muddatlarda sezilarli va rejalashtirilmagan xarajatlarni talab qildi. Rahbariyat oldidagi ustuvor vazifa — ish haqi bo‘yicha qarzdorlikni imkon qadar qisqa muddatda qoplash va vaziyatni barqarorlashtirish”, — deyiladi xabarda.