AsosiyJamiyat

Bolalarning uyatsiz videolarini saqlaganlar jinoyiy javobgarlikka tortilishi mumkin

Kodeksga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan telekommunikatsiya internetdan foydalanib uyatsiz harakatlar qilganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

'Bolalarning uyatsiz videolarini saqlaganlar jinoyiy javobgarlikka tortilishi mumkin'ning rasmi

Bolalarning uyatsiz videolarini saqlaganlar jinoyiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu haqda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisida dastlabki tarzda koʻrib chiqilgan "Bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi qonun loyihasida soʻz boradi.

Maʼlum qilinishicha, Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda 16 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internetdan foydalanib uyatsiz harakatlar qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Yosh bolalar tasvirlangan pornografik videolarni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik, bir yil davomida takrorlangan taqdirda jinoyiy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, yosh ishtirokchilarning huquqlari kafolatlarini kuchaytirish maqsadida yosh guvohni qonuniy vakili instituti joriy etilmoqda. Yosh guvoh yoki jabrlanganini soʻroq qilishning bir kun mobaynida umumiy davomiyligi yosh bolaning yoshi va holatidan kelib chiqadi. Jumladan, 7 yoshgacha boʻlganlarga tanaffussiz 30 daqiqadan, jami 1 soatdan, 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlganlarga tanaffussiz 1 soatdan, jami 2 soatdan, 14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlganlarga tanaffussiz 2 soatdan, jami 4 soatdan oshmasligi belgilanmoqda.

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan ushbu qonun loyihasi jinoyatlarning oldini olishga, sodir etiladigan jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini taʼminlashga, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi taʼkidlangan. Majlis yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar