Diniy olim va blogger, "Azon Global" axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Bugun, 8 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida unga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra Mubashshir Ahmad Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi "g" bandi va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini va 61 moddalari tartibida 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Shu bilan birga internet tarmog‘idagi Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlari, Telegram messenjeri hamda YouTube videoxostingidagi Mubashshir Ahmad va Azon Global – muqobil axborot-tahliliy kanali nomli sahifalar (kanallar) faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining ushbu hukmi ustidan tarafalar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.
Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, JIB Uchtepa tuman sudi Alisher Tursunovga Jinoyat kodeksining 57-moddasini (engilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.