AsosiyDunyo

Trump Netanyahuni qoraladi

U Netanyahuning sovuqqonligini tanqid qildi.

'Trump Netanyahuni qoraladi'ning rasmi

AQSh prezidenti Donald Trump Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasi muhokamasi chog‘ida qo‘pol ibora bilan murojaat qilgan. Bu haqida “Zamon.uz” nashri AQSh hukumatidagi manbaga tayangan holda xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 3 oktyabr kuni Hamas vakillari Trumpning tinchlik rejasi bo‘yicha taklifini shartli ravishda ijobiy qabul qilganida, Trump buni muhim yutuq sifatida ko‘rib, Netanyaxuga qo‘ng‘iroq qilgan. Ammo Isroil bosh vaziri bu javobni sovuqqonlik bilan qabul qilib, bayram qilishga hali erta ekanini aytgan.

Netanyaxuning bu ohangi Trumpni g‘azablantirgan va u Netanyaxuga: “Sen doimo juda salbiysan. Bu g‘alaba, uni qabul qil”, degan. Manbalar aslida Trump yanada qo‘polroq so‘z ishlatganini qayd etmoqda.

Mutaxassislar fikricha, bu tortishuv Trumpning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasi unga qanchalik muhim ekanini va uni o‘zining diplomatik yutug‘i sifatida ko‘rishga intilayotganini ko‘rsatadi.

Trumpning rejasi 29 sentabr kuni, u va Netanyaxu Vashingtonda uchrashganidan so‘ng e’lon qilingan edi. 20 banddan iborat hujjatda barcha isroillik garovdagilarni ozod qilish, Hamasning taslim bo‘lishi, G‘azoga insonparvarik yordamini yetkazishga ruxsat berish hamda hududni vaqtincha xalqaro organlar nazoratidagi ma’muriyatga topshirish ko‘zda tutilgan.

Ammo Netanyaxu xavfsizlik kafolatlari va demilitarizatsiya masalalarida qo‘shimcha shartlarni ilgari surgani sababli tomonlar o‘rtasida keskinlik yuzaga kelgani qayd etilmoqda.

    Boshqa yangiliklar