Qoraqalpog‘istonga xos mashhur taom — "Baliq qarma" endi rasmiy ravishda geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatiga olindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Endilikda bu nom va uning an’anaviy tayyorlash texnologiyasi huquqiy jihatdan himoyalanadi, sifati kafolatlanadi va Qoraqalpog‘istonning gastrobrendi sifatida targ‘ib etiladi.
Mazkur taom Orolbo‘yi hududlariga xos baliqchilik an’analari asosida shakllangan. "Baliq qarma" tarkibida pishirilgan baliq, sho‘rva, mayda tug‘ralgan sabzavotlar va 1×1 dan 2×2 cm gacha bo‘lgan quritilgan xamir bo‘laklari mavjud. Sho‘rvaning ustki yog‘i mayda to‘g‘ralgan piyozga quyiladi — bu taomga o‘ziga xos ta’m va hid beradi.
Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich — mahsulotning aynan ma’lum hududga xosligi, sifati va mashhurligi o‘sha joyning tabiiy, tarixiy yoki inson omillari bilan bog‘liqligini ifoda etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq "Samarqand noni", "G‘ijduvon shashlig‘i", "Xorazm tuxumbaragisi" va boshqa bir qator taom va buyumlar ham geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olingan edi.