Qohira shahrining janubida joylashgan Daxshur arxeologik hududida 4000 yildan ortiq tarixga ega Bent piramidasida noxush hodisa sodir bo'ldi. Ispaniyalik sayyoh ayol piramidaning tor ichki yo'laklaridan biridagi tik yog'och uskunadan sirpanib, yer ostiga, taxminan 80 metr chuqurlikka qulagan. Bu haqda “Gulf News” nashri xabar berdi.
Hodisaga guvoh bo'lganlar shoshilinch holda yordam chaqirgan. Favqulodda vaziyatlar va tibbiyot xodimlari qorong'i va xavfli yo'laklar orqali piramidaning ichiga kirib, hushidan ketgan ayolni topishgan. Qutqaruv ishlari bir necha soat davom etgan.
Maxsus uskunalar yordamida u ehtiyotkorlik bilan tepaga chiqarilgan va shifoxonaga etkazilgan. Mutaxassislar bu operatsiyani yopiq arxeologik obidada amalga oshirilgan eng murakkab qutqaruv harakatlaridan biri, deb baholamoqda.
Ma'lumot uchun, Bent piramidasi — Misrdagi eng qadimiy va noyob inshootlardan biri bo'lib, uni miloddan avvalgi 26-asrda Firovn Snofru bunyod etgan.