O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2017 yildan buyon iqtisodiy erkinlashtirish va ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmokda. 2023 yilda qabul qilingan yangi Konstitutsiyada mamlakat "ijtimoiy davlat" sifatida belgilandi, bu esa bandlikni ta'minlash va qashshoqlikni kamaytirish mas'uliyatini davlat zimmasiga yuklaydi.
"O'zbekiston–2030" strategiyasida 2026 yilgacha qashshoqlik darajasini yarmiga qisqartirish maqsadi belgilangan. Shu yo'nalishda tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi (NASP) va "Inson" xizmat markazlari hozirda 2,3 milliondan ortiq kam ta'minlangan oilalarga xizmat ko'rsatmokda.
Integratsiyalashgan "Inson" markazlari
Har bir mahallada faoliyat yuritayotgan "Inson" markazlari aholiga ijtimoiy nafaqalar, tibbiy xizmatlar va bandlik dasturlariga murojaat qilishda "bir darvoza" tamoyili asosida yordam beradi. 2023 yilda keksalar va nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlash uchun yagona elektron reestr ham yo'lga qo'yildi — hozirda unda 17 mingdan ortiq fuqaro ro'yxatga olingan.
Xalqaro hamkorlik va yangi dasturlar
Jahon banki 2018–2021 yillarda O'zbekistonda ijtimoiy siyosat va bandlik islohotlarini moliyalashtirish uchun 2,1 milliard dollarlik kredit ajratgan. 2024 yilda esa qo'shimcha 100 million dollarlik "INSON" loyihasi tasdiqlanib, 50 ta yangi ijtimoiy xizmat markazlarini ochish rejalashtirilgan.
2024 yil 1 noyabrida start olgan "Qashshoqlikdan farovonlik sari" dasturi doirasida 600 mingdan ortiq oila 1,3 milliondan ziyod xizmatlardan foydalandi. Shu bilan birga, ushbu oilalar a'zolari 2,2 milliondan ortiq bepul tibbiy xizmatlardan foydalanib, mehnat bozorida faol ishtirok etmokda.
Samaradorlik: daromad ikki baravar oshdi
Mahalliy darajada yuritilayotgan Milliy qashshoq oilalar reestriga hozirda 667 ming oila (2,8 million fuqaro) kiritilgan. Ularning o'rtacha jon boshiga daromadi 2025 yil davomida ikki baravar oshgan — 174 ming so'mdan 338 ming so'mgacha.
Shuningdek, 73 ming oila ilk bor rasmiy ishga ega bo'lgan, 150 ming oila esa qashshoqlikdan chiqishga muvaffaq bo'lgan. Ularning 70 foizi daromad o'sishini aynan rasmiy bandlik orqali ta'minlagan.
Barqarorlik va yangi ijtimoiy model
Yordamni manzilli yo'naltirish uchun oilalar uch toifaga bo'lingan:
Qizil — nogiron, yolg'iz ota-onalar va boquvchisini yo'qotganlar;
Sariq — mehnatga layoqatli, ammo barqaror daromadi yo'q oilalar;
Yashil — qashshoqlikdan chiqqan, ammo qaytish xavfi yuqori bo'lganlar.
Bu tasnif ijtimoiy yordamni aniq ehtiyoj asosida taqsimlash imkoniyatini bermokda.
Inson kapitaliga sarmoya
2025 yilda 125 ming nafar kam ta'minlangan oilalar farzandlari maktabgacha ta'lim muassasalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. Davlat ularning o'qish va rivojlanish xarajatlarining 90 foizigacha qismini qoplab bermokda.
Shuningdek, "Faol hayot sari qadamingizni qo'ying" dasturi doirasida yoshi kattalar uchun reabilitatsiya xizmatlari, nogiron bolalar uchun kunlik parvarish markazlari yo'lga qo'yilgan.
Yangi maqsadlar – 2030 yilgacha
Prezident farmoniga ko'ra, 2030 yilgacha ijtimoiy xizmatlardan foydalanuvchi fuqarolar soni yiliga 3 million nafarga etadi, ularning 30 foizi xususiy sektor tomonidan taqdim etiladi. Bu yondashuv "ijtimoiy iqtisod" tamoyillariga to'liq mos keladi.






