O'zbekistonda so'nggi yillarda shaxmatga bo'lgan qiziqish keskin oshdi. Bunga, albatta, 2022 yilda Hindistonning Chennay shahrida o'tgan 44-Shaxmat olimpiadasida yosh o'zbekistonliklar — Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yakubboyev, Shamsiddin va Jahongir Vohidovlarning sensatsion g'alabasi sabab bo'ldi. Ammo bu muvaffaqiyat shunchaki eyforiya emas, balki yangi harakatni boshlab berdi: shaxmatni ommalashtirish, uni har bir bola uchun ochiq va qulay qilish tashabbusi.
Bir g'alabadan — yangi loyiha sari
Mazkur g'alabadan so'ng, Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa'dullayev shaxmatni butun mamlakat miqyosida o'rganish imkonini beruvchi platforma yaratish g'oyasini ilgari surdi. Loyiha rahbari etib media sohasida faol ishlagan Ulug'bek Ismatov tayinlandi. Natijada "Uzchess" nomli yangi ta'lim ekotizimi paydo bo'ldi — maqsadi shaxmatni faqat musobaqa emas, balki o'quv va madaniy qadriyat sifatida jamiyatga olib kirish edi.
O'zbek tilida, o'zbeklar uchun
"Uzchess"ning eng katta farqi — kontentning to'liq o'zbek tilida bo'lishi. Ilovadagi barcha darslar, intervyular, mashg'ulotlar va o'yinlar mahalliy auditoriyaning ehtiyojiga mos shaklda tayyorlandi.
Bir yil ichida ilovadan yarim milliondan ortiq foydalanuvchi ro'yxatdan o'tdi. Bu O'zbekistonda intellektual ta'limga bo'lgan talab qanchalar kuchli ekanini ko'rsatadi.
Shaxmat va media: yangi maydon
Shaxmatni faqat sport emas, balki ommaviy madaniyatga aylantirish maqsadida "Uzchess Media Ligasi" tashkil etildi. Bu loyihada blogerlar, influenserl va kontent yaratuvchilar o'zaro bellashadi, o'yinlar esa jonli efirda yoritiladi.
Har bir mavsum millionlab tomoshabinlarni jalb qilib, shaxmatni yoshlar orasida zamonaviy, qiziqarli va raqobatli formatda targ'ib qiladi.
Xalqaro maydonda O'zbekiston shaxmati
So'nggi yillarda o'tkazilgan yirik turnirlar ham bu jarayonning davomi bo'ldi. 2025 yilda Toshkentda bo'lib o'tgan Uzchess Cup musobaqasida Praggnandha, Arjun, Nepomnyashchiy, Abdusattorov va Sindarov kabi dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirok etdi.
Bundan avval, 2023 yilda Samarqandda o'tgan FIDE Rapid & Blitz turniri "Uzchess" tomonidan o'zbek tilida jonli yoritilib, xalqaro musobaqalarni ona tilida tomosha qilish imkoniyatini yaratgan edi.
Maqsad — shaxmatni xalq hayotining bir qismiga aylantirish
"Uzchess" shunchaki mobil loyiha emas. Bu — har bir bolaga shaxmatni o'rganish imkonini beruvchi milliy ta'lim loyihasi. Mahalliy murabbiylar, bepul darslar, tushunarli format va real imkoniyatlar tizimi orqali loyiha shaxmatni har bir uy, har bir maktab va har bir mahallaga olib kirishni maqsad qiladi.
O'zbekiston bugun shaxmatda o'z maktabini yaratmoqda — "Uzchess" esa bu jarayonning yuragi bo'lib bormoqda.






