O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbirlari yakunlariga ko‘ra, bank-moliya tizimi barqarorligiga oid 29 ta masala muhokama qilindi va qator kredit tashkilotlariga nisbatan keskin choralar ko‘rildi.
Yig‘ilishlarda litsenziyalash va ruxsat berish jarayonlariga oid 17 ta masala ko‘rib chiqildi. Kredit tashkilotlarining ustav hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha 4 ta, ustav fondidagi ulushlarga egalik qilish bo‘yicha 3 ta ariza tahli qilindi. Shuningdek, bir nafar auditorga banklarda tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi sertifikat taqdim etildi. Banklar kuzatuv kengashi va boshqaruv a’zolari nomzodlariga oid 9 ta masala ham ko‘rib chiqildi.
Hisobot davrida moliyaviy intizom va qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘yicha 12 ta masala o‘rganildi. Inspektsiya natijalariga ko‘ra, amaldagi talablarni buzgan 188 ta sub’yektga jarima qo‘llanildi. Jazoga tortilganlar orasida 20 ta bank, 89 ta mikromoliya tashkiloti hamda 79 ta lombard bor.
Shuningdek, prudensial normativlarni buzgan yana 17 ta bankka rasmiy ogohlantirish berildi. Mazkur choralar moliya tizimidagi xavf-xatarlarning oldini olish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgani ta’kidlandi.






