AsosiyJamiyat

Rossiya armiyasida jang qilgan o‘zbekistonlik erkak qamaldi

50 yoshli namanganlik erkak mina portlashi oqibatida jarohatlanib, Oʻzbekistonga qaytgan.

'Rossiya armiyasida jang qilgan o‘zbekistonlik erkak qamaldi'ning rasmi

2025 yil 15 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida namanganlik 50 yoshli erkak Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari safida janglarda ishtirok etgani uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 50 yoshli Sh.M. 2025 yil aprel oyida Rossiyaga ishlash maqsadida borgan va moddiy manfaatorlik evaziga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, “oddiy askar” sifatida xizmatga qabul qilingan. U Lugansk shahrida harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, keyin Ukraina hududiga jo‘natilgan.

Jang harakatlari vaqtida, 2025 yil 9 may kuni mina portlashi natijasida Sh.M. oyog‘idan yaralangan va Rossiyadagi harbiy gospitalarda davolangan. Shifoxonadan chiqqanidan so‘ng, 30 sutkalik ta’tilga yuborilgan va shu davrda qilgan ishi xato bo‘lganini anglab, 4 iyul kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.

U o‘z ixtiyori bilan ichki ishlar organlariga borib, Rossiya armiyasida xizmat qilganini tasdiqlovchi hujjatlar – shartnoma, harbiy jeton va tibbiy xulosalarni taqdim etgan. Tergov davomida u xizmat uchun 1 million rub’ miqdorda pul olgani ma’lum bo‘ldi.

Sud jarayonida Sh.M. aybini to‘liq tan olib, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan. Sud uning qilmishini JKning 154-moddasi (chet el harbiy xizmatiga kirish) va 154¹-moddasi (yollanib qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etish) bilan kvalifikatsiya qildi.

Namangan viloyati sudi hukmiga ko‘ra, Sh.M. 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.

    Boshqa yangiliklar