BMT Xavfsizlik Kengashi AQSh prezidenti Donald Trumpning G‘azo sektorini demilitarizatsiya qilish va tinchlikni ta’minlashga qaratilgan 20 bandli rejasini o‘z ichiga olgan hujjatni ma’qulladi. 15 a’zodan 13 nafari qarorni qo‘llab-quvvatlagan, Rossiya va Xitoy esa veto qo‘llamasdan betaraf qolgan.
Trump Truth Social’da rezolyutsiyani “BMT tarixidagi eng muhim qarorlardan biri” deb atab, unda tashkil etilishi belgilangan “Tinchlik Kengashi”ga o‘zi rahbarlik qilishini bildirdi. U kengashga “dunyodagi eng nufuzli yetakchilar” kirishini ta’kidladi.
Rejaga ko‘ra, musulmon davlatlari ham ishtirok etuvchi xalqaro xavfsizlik kuchlari Gazoda yagona qo‘mondonlik ostida joylashtiriladi. Ular demilitarizatsiya jarayonlarini nazorat qilib, insonparvar yordamlarini yetkazish vazifasini bajaradi.
Shu bilan birga, diplomatik manbalar rezolyutsiyada Falastin ma’muriyatiga vakolatlarni bosqichma-bosqich berish tartibi aniq ko‘rsatilmaganini, bu esa amaliy ijroni murakkablashtirishi mumkinligini qayd etgan. Hujjatda Falastin davlatini tashkil etish g‘oyasi tilga olingan, biroq muddatlar belgilanmagan.
Isroil ovoz berish oldidan rezolyutsiyada “Falastin xalqining o‘zini belgilash huquqi” tilga olinganidan norozilik bildirgan.






