O‘zbekistonda bolalarni tashish qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra Kodeksni bolalarni tashish hamda bolalarni tashishni tashkil etish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 128-11-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Hujjatga muvofiq, bolalarni tashish qoidalarini buzgan haydovchilarga 30 bazaviy hisoblash miqdorida jarima solish va ularni bir yildan uch yilgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish belgilanishi mumkin.
Agar mazkur huquqbuzarlik transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki haydovchilik huquqidan mahrum qilingan shaxs tomonidan sodir etilsa, unga nisbatan 50 bazaviy hisoblash miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qo‘llash taklif etilmoqda.
Shuningdek, bolalarni tashishni tashkil etish qoidalarini buzganlik uchun ham 30 bazaviy hisoblash miqdorida jarima joriy etilishi mumkin. Agar ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, jarima miqdori 50 bazaviy hisoblash miqdoriga oshirilishi nazarda tutilgan.






